20 Iyun 2025 yil 412

Samarqand davlat universitetida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

Samarqand davlat universitetida jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida halollik, adolat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlash maqsadida navbatdagi targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi (IIO FMB) huzuridagi tergov bo‘limi xodimlari, universitetning professor-o‘qituvchilari, huquqshunos mutaxassislar hamda talabalar faol ishtirok etdi.

Targ‘ibot yig‘ilishida asosiy e’tibor korrupsiya muammosiga va uning jamiyat hamda davlat taraqqiyotiga salbiy ta’siriga qaratildi. Mutaxassislar tomonidan korrupsiyaning huquqiy va ijtimoiy oqibatlari, uning iqtisodiy o‘sishga, ta’lim tizimiga va davlat organlariga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’siri keng yoritildi.

Shuningdek, tadbirda ishtirokchilarga amaldagi qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari, fuqarolarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi faol ishtiroki va bunda har bir shaxsning zimmasidagi mas’uliyat haqida ham ma’lumot berildi.

Tadbir davomida talabalar o‘rtasida savol-javob va ochiq muloqot tashkil etildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olishdi. Ushbu muloqotlar orqali talabalarda huquqiy bilimlarni oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsad qilindi.

Targ‘ibot tadbiri yakunida ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashish barcha uchun umumiy burch ekanini ta’kidlab, bu yo‘lda hamjihatlikda ish olib borish muhim ekanini qayd etdilar


Text to speech