17 Fevral 2023 yil 668

Samarqand viloyati IIB boshligʻi Rahmat Mamatovning Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 81-sessiyasidagi nutqi

Soʼnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar – kun sayin tizimni xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, aholining muammolari bilan hamnafas yashaydigan xalqparvar tuzilmaga aylantirib bormoqda.

Viloyatimizni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish, jinoyatchilikka toʼliq barham berish uchun avvalo profilaktik ishlarimizni mahalladan boshladik.

Hududlarda mahallabay profilaktik ishlarni toʼgʼri va samarali tashkil qilish maqsadida yangicha tizim, yaʼni mahalla fuqarolar yigʼinlarida ish samaradorligini oshirish, aholini ijtimoiy-iqtisodiy qoʼllab-quvvatlash hamda “xavfsiz mahalla” hududiga aylantirish uchun yagona hamkorlik tizimini tashkil etish boʼyicha “Samarqand tajribasi” yaratildi.

Mazkur yangi tizim barcha mahallalarda toʼliq tashkil etilib, mahallalardagi 5 ta vakillarning ish faoliyati samarali tashkil qilinganligi naijasida 2022 yilning 12 oyi davomida viloyat hududidagi 1126 ta mahallalarning 31,2 foizida (351 tasida) jinoyatlar sodir etilmadi.

Oʼtgan 2022 yilda barcha sohalar boʼyicha qayd qilingan jinoyatlar soni 100 ming aholiga nisbatan viloyat boʼyicha 191,7 tani (Respublikada 298,3 tadan) tashkil etib, Respublikada ijobiyligi jihatidan 5 oʼrinda qayd etildi.

2022 yil davomida jami 7727 ta (7505) jinoyatlar qayd etilgan boʼlib, 2865 tasi yoki 37,1 foizi tashabbus bilan aniqlandi, 7083 tasi (91,7%) fosh etildi, oldingi yillardan fosh etilmasdan turgan 285 ta jinoyatlar ochildi.

Viloyat hududida jinoyat sodir etib, sud va tergov idoralaridan yashiringan qidiruvdagi shaxslarning 349 nafari (2021y. 321) ushlanib, jazo muqarrarligi taʼminlandi.

Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish borasida 685 ta (687) jinoiy holatlar aniqlanib, 148 kg. dan ortiq giyohvand moddalari daliliy ashyo tariqasida rasmiylashtirib olindi.

2022 yilning 12 oyi davomida 6176 ta jinoyat ishlari boʼyicha tergov harakatlari olib borilgan boʼlib, 99 mlrd. 311 mln. soʼm yetkazilgan zararlar undirib berildi.

Viloyatimizda 2022 yilning 15-16 sentyabrь kunlari mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim tarixiy voqea – Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti hamda 11 noyabrь kuni Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti  oʼtkazildi.

Shuningdek, 2022 yil davomida jami 21333 ta, shundan 1463 ta siyosiy-ommaviy, 928 ta ommaviy-sport, 1587 ta madaniy-ommaviy tadbirlar va 17355 ta boshqa turdagi tadbirlar oʼtkazilib, ushbu tadbirlar mobaynida jamoat tartibi hamda jamoat xavfsizligi toʼliq taʼminlandi, favqulotda va noxush holatlar sodir etilmadi.

Viloyat hududida muqaddam sudlanganlar, xotin-qizlar tomonidan sodir etilishi mumkin boʼlgan jinoyatlarni barvaqt oldini olish, oila-turmush doirasidagi ogʼir va oʼta ogʼir turdagi jinoyatlarni tizimli profilaktikasini tashkil etish maqsadida, “Nazorat”, “Xotin-qizlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish oyligi”, “Hamkor” “Havfsiz hudud” maxsus profilaktik tadbirlari oʼtkazildi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan qoʼyilayotgan topshiriqlarga asosan, barchamiz hamjihatlikda ishlarimizni mahalladan boshlab, mahalla jinoyatchiligini jilovlash va aholi oʼrtasida yechimini topmasdan kelayotgan muammolarni manzilli aniqlab, bartaraf etishimiz lozim boʼladi.

Viloyat boʼyicha salmogʼi yuqori boʼlgan 669 ta oʼgʼirlik, 1282 ta firibgarlik va 1154 ta yoʼl-transport hodisalari (shundan 278 tasi oʼlim bilan bogʼliq YTH, 330 nafar fuqarolar vafot etgan) sodir etilshiga yoʼl qoʼyildi.

Jami qayd qilingan 669 ta oʼgʼirlik jinoyatlarining 79,8 foizi (534 tasi) tungi vaqtlarda sodir etilgan.

Ushbu holatlar fuqarolarimizning shaxsiy mulkiga va oʼzgalar mulkiga nisbatan beparvoligi, savdo doʼkonlari qoʼriqlash pultiga ulanmaganligi, joylarda tungi yoritish chiroqlari hamda kuzatuv kameralari oʼrnatish boʼyicha tabirkorlar, ishbilarmonlar, joylardagi jamoatchilik nazoratining sustligi yaqqol koʼrinib turibdi. 

Firibgarlik jinoyatlari soni ham yildan-yilga oshib bormoqda.

Olib borilayotgan tushuntirish ishlariga qaramasdan fuqarolarimiz oson yoʼl bilan boyib ketish, oʼqishga, ishga kirish yohud avtomashina, uy-joy va yer sotib olishda yetarlicha huquqiy bilim saviyasiga ega emasligi, huquqiy targʼibot ishlari yuklangan idora va tashkilotlar, jamoatchilik vakillari tomonidan oʼtkazilayotgan targʼibot-tashviqot ishlari ham lozim darajada tashkil etilmayotganligidan dalolat bermoqda.

Viloyatda voyaga yetmaganlar, yoshlar va xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etish yoki jinoyat qurboni boʼlishining oldini olish borasida taʼlim muassasalari, Oila va Xotin-qizlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa tegishli idora hamda tashkilotlar hamkorligida chora-tadbirlarni belgilab hamjihatlikda harakat qilib, har bir oilalarga kirib borishimiz, muammolarini oʼrganishimiz, nizo va kelishmovchiliklarni oʼz vaqtida bartaraf qilishimiz lozim boʼladi.

Viloyat boʼyicha jami sodir etilgan 1154 ta yoʼl-transport hodisalari barchamiz uchun tashvishli holat boʼlib, kelib chiqish sabablari, unga imkon berayotgan shart-sharoitlarga eʼtiborni qaratsak, 406 tasi (35,1%) tezlikni oshirish, 157 tasi (13,6%) quvib oʼtish qoidalarini buzish, 136 tasi (11,8%) oraliq masofani saqlamaslik, 53 tasi (4,6%) mastlik oqibatida, 66 tasi (5,7%) piyodalarga yoʼl bermaslik va 336 tasi (29,1 %) boshqa sabablarga koʼra kelib chiqqan.

Endilikda, avtomobilь yoʼllarida yoʼl harakati ishtirokchiliklarining harakatlanish intizomini mustahkamlash maqsadida mahalliy hokimliklar tomonidan avariya uchoqlarida video va foto-radarlar, avtomaktablarda oʼqishni nazorat qiluvchi yangi tizim joriy etib, harakat xavfsizligini taʼminlash va yoʼl-transport hodisalarini oldini olishda barcha tegishli tashkilotlar hamkorlikda ish olib borishimiz lozim.

Hurmatli Kengash raisi va  deputatlar.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 20 yanvarь kunidagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʼnaltirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-10-sonli Qarori bilan, “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi” Kodeksi tasdiqlandi.

Bugungi islohotlarning bosh maqsadi boʼlgan – “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xodimlarimizni yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, oʼz burchiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar vakili etib tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ushbu qaror ichki ishlar organlarini aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlaydigan xalqchil professional tuzilmaga aylanishiga, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala boʼlishini taʼminlashga, aholining chinakam roziligiga erishishga xizmat qiladi.

Soʼzim oxirida, aytmoqchimanki, Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi safida xizmat olib borayotgan har bir xodim mazkur Qarorda koʼrsatib oʼtilgan qoida va talablarga amal qilgan holda, aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlashi va fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala boʼlishni taʼminlash yoʼlida barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Rahmat Mamatov, Samarqand viloyati IIB boshligʼi

Text to speech