13 Iyul 2025 yil 296

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi

Samarqand viloyatida ichki ishlar tizimi faoliyatini xalq bilan yaqinlashtirish, fuqarolarning dardu-tashvishlarini bevosita eshitish va hududlardagi muammolarga joyida hal etiladigan yechimlar topish maqsadida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov boshchiligida o‘tgan fuqarolar qabuli davomida aholi turli sohalarda duch kelayotgan muammolarni ochiq-oshkora bayon etishdi.

Qabul chog‘ida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ish bilan ta’minlash kabi ijtimoiy-huquqiy masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, oilaviy nizolar, aliment undirish, firibgarlik holatlari kabi fuqarolar hayotida jiddiy ta’sir o‘tkazayotgan masalalar ham muhokama etildi.

Aniqlangan har bir muammo yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar esa shunday qabul jaryonining o‘zidayoq ijobiy hal etildi.

Bunday ochiq muloqotlar aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish hamda muammolarni yengil emas, balki samarali yechimlar orqali bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.


Text to speech