16 Iyul 2025 yil 446

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida yarim yillik ishlar natijasi muhokama qilindi

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov ishtirokida joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  joriy yil 3-yanvardagi ''2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish to'g'risida"gi  PQ-1-sonli Qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.

Jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan hududlar mutasaddi rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar xususida ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.

Shuningdek, korrupsiya va ta’magirlikka yo‘l qo‘ymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish, xodimlar oldida turgan burch va majburiyatlarga to‘xtalar ekan, ularning o‘z xizmat vazifasiga vijdonan yondashishiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘z xizmati davomida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun ayrim rahbarlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, qattiq intizomiy jazolanishi belgilandi. Bundan barcha rahbar va xodimlar o‘zlariga tegishli xulosa chiqarishi lozimligi ta’kidlandi. 

Hisobot yig‘ilishi so‘ngida, kelgusida viloyat ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy tadbirlar hamda har bir yo‘nalish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.


Text to speech