20 Iyul 2025 yil 840

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi

Samarqand viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan aholi bilan yaqin muloqotni ta’minlash, fuqarolarning muammolarini joyida hal etish maqsadida navbatdagi ochiq qabul tashkil etildi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov rahbarligida o‘tkazilgan qabulda o‘ttizdan ortiq fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolar, shu jumladan, jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ish bilan ta’minlash kabi muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaat qildi.

Qabul davomida fuqarolar tomonidan oilalardagi nizolar, firibgarlik holatlari va boshqa turli hayotiy muammolar ham ko‘tarildi. Ushbu masalalar har tomonlama muhokama qilindi va ularning yechimi bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Ta’kidlash joiz, ayrim masalalar fuqarolarni qabul qilish jarayonining o‘zidayoq ijobiy hal etildi. Mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tomonidan joylarga chiqilgan holda muammolarni o‘rganish va tezkor chora ko‘rish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Ichki ishlar organlari rahbariyatining bu kabi ochiq muloqotlari aholi bilan ishlashda yangi bosqichni boshlab bermoqda. Bu esa huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim omil sifatida baholanmoqda.


Text to speech