Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi
Aholi bilan ochiq va samimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarning muammolari va murojaatlarini eshitish, ularni joyida hal etish orqali davlat organlariga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlash maqsadida Samarqand viloyati Ichki ishlar organlari tomonidan ochiq qabullar davom etmoqda.
Navbatdagi ana shunday tadbir Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov rahbarligida tashkil etildi. Qabul davomida viloyatning turli tuman va shaharlaridan kelgan 40 dan ortiq fuqaro o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan murojaat qilishdi.
Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan asosiy masalalar qatorida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ishsizlik muammolari va boshqa muhim ijtimoiy masalalar alohida o‘rin tutdi.
Shuningdek, qabullar davomida fuqarolar oilaviy nizolar, firibgarlik holatlari, mulkiy nizolar, fuqarolik-huquqiy masalalar hamda mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash borasida o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Har bir murojaat atroflicha eshitilib, yechimini topish maqsadida tegishli sohalar va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida batafsil muhokama o‘tkazildi.
Qabul davomida ko‘plab murojaatlar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirishlar berildi, ayrim masalalar bo‘yicha esa muammo yechimi yuzasidan aniq vazifalar belgilandi va tegishli idora va tashkilotlarga topshiriqlar berildi. Qolaversa, ayrim masalalar nazoratga olinib, ularning ijrosi yuzasidan belgilangan muddatlarda javob qaytarilishi belgilandi.
Mazkur ochiq qabullar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ularning ehtiyoj va muammolariga befarq bo‘lmaslik tamoyili asosida davom ettiriladi.