9 Sentyabr 2023 yil
842
Samarqand viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Rahmat Mamatovning hududdagi kriminogen vaziyat va kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan viloyat aholisiga murojaati
Аssalomu alaykum, Аziz samarqandliklar!
Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 28-iyul kuni oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida, kriminogen vaziyatning chuqur tahlillariga asoslangan holda, kelgusida amalga oshiriladigan aniq choralarni aks ettiruvchi maʼlumotlar asosida aholi oldiga murojaat bilan chiqish borasida topshiriq berilgan edi. Berilgan topshiriq asosida bugun sizlarga murojaat bilan chiqmoqdaman.
Barcha sohalar kabi ichki ishlar organlarida ham izchil islohotlar amalga oshirilib, har bir fuqaroning haq-huquqlarini ishonchli himoya qilish – ichki ishlar organlarining asosiy vazifasiga aylantirildi. Viloyatimizda “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimi asosida, jinoyatlarning oqibatlari bilangina kurashish emas, balki ularning sodir etilishiga yoʼl qoʼymaslik va barvaqt oldini olish borasida choralar koʼrib kelinmoqda.
Аziz samarqandliklar!
Viloyatimiz hududida joriy yilning oʼtgan 7 oyi davomida jami yangi tizim asosida ishlashga oʼtganimiz natijasida, deyarli har ikkinchi jinoyat xodimlarning tashabbusi bilan aniqlanmoqda.Jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash asosida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida, mahallarimizning teng yarmida, yaʼni 50,9 foiz mahallalarda bironta ham jinoyat sodir etilishiga yoʼl qoʼyilmadi. Jinoyat turlaridan qasddan badanga ogʼir shikast yetkazish, talonchilik jinoyatlari kamaydi. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida sodir etilgan jinoyatlarning 90,7 foizi fosh etildi. – 262 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlanib jazo muqarrarligi taʼminlandi. – Jinoyatchilardan 57 kg 800 gr. giyohvandlik moddalari (497 ta holat) rasmiylashtirib olindi. 26 338 ta oilaviy nizolar bartaraf etilib, 1 271 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berildi. 3 753 ta jinoyat ishlari doirasida jabrlanuchilarga yetkazilgan 97 mlrd. 488 mln. miqdoridagi zarar undirildi. Muayyan yashash joyiga ega boʼlmagan jami 584 nafar shaxslar reabilitatsiya markaziga joylashtirildi. Аholi gavjum boʼlgan hududlarda 41 ta Huquq tartibot maskanlari faoliyati yoʼlga qoʼyildi.
Аziz samarqandliklar!
Hurmatli Prezidentimizning taʼbiri bilan aytganda, Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya qoʼrgʼonidir. Prezdentimiz tashabbuslari bilan mahallada xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan choralar izchil davom ettirilmoqda. Viloyatimizda yoshlar, ayollar va voyaga yetmaganlar oʼrtasidagi jinoyatchilikni oldini olish boʼyicha tizimli ishlashni yoʼlga qoʼydik. Xususan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qoʼshma farmoyish imzolanib, viloyat IIBda hamkor tezkor shtab tashkil etildi. Ishchi guruh tomonidan voyaga yetmaganlar, yoshlar va ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni kelib chiqish sabab va shart-sharoitlari kunlik tahlil asosida muhokama qilinmoqda. Vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan qaragan tashkilotlar rahbarlari va mahalla beshliklariga choralar koʼrilmoqda. Shuningdek, ayollar tomonidan jinoyatlar sodir etilishini oldini olish maqsadida Xotin-qizlar masalalari boʼyicha katta inspektorlar tomonidan joylardagi mahalla beshliklari bilan hamkorlikda ijtimoiy profilaktika obʼektlari boʼlgan ayollar bilan individual tarzda suhbatlashilib, ijtimoiy, maishiy hamda psixologik yordamlar koʼrsatilmoqda.
Bundan tashqari, mahallada jinoyatchilikni jilovlash samaradorligini oshirish maqsadida “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida jinoyat qilishga moyilligi bor ogʼir ahvoldagi aholi bilan ishlash boʼyicha “mahalla beshligi”ga aniq vazifalar belgilab berildi. Viloyatimizdagi kriminogen vaziyati ogʼir boʼlgan 198 ta mahallalarga viloyat va shahar-tuman Ichki ishlar organlari rahbar xodimlari bilan bir qatorda Prokuratura, Milliy gvardiya xodimlari, viloyat va hududiy hokimliklar vakillari nomma-nom biriktirilib, ularga jinoyatchilikni jilovlash va mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi. Qoʼshma-qarori talablari asosida mahalla faollariga berilgan xulosalar natijasida 11 ming 801 ta muammolar bartaraf etildi. Yuqoridagi xulosalarga asosan jinoyat va huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori boʼlgan 13 toifadagi shaxslar alohida nazoratga olinib, ularning muammolari “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida bartaraf etiladi.
Shuningdek, yoʼl-transport hodisalarining oldini olish va yoʼl infratuzilmasini yaxshilash maqsadida svetoforlar, yoʼl belgilari, suniy yoʼl toʼsiqlari oʼrnatish, jiddiy xavf tugʼdirayotgan yoʼl qismlarini taʼmirlash yuzasidan takliflar tayyorlanib, amalga oshirilishi taʼminlanadi. Barcha yoʼl patrulь xizmati inspektorlarining bevosita mahalllardagi javobgarlik hududlari belgilab beriladi.
Hurmatli samarqandliklar!
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan barcha harakatlar – xalqimizning tinch-totuv va xavfsiz boʼlishiga qaratilgan. Shunday ekan, sektor rahbarlari, hamkor tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda jinoyatchilikni oldini olish boʼyicha yoʼl xaritalar ishlab chiqib, yil yakuniga qadar viloyatimiz hududida, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, mahallalarni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish borasidagi choralarni yanada jadallashtiramiz. Bu ishlarni amalga oshirishda albatta keng jamoatchilik va Siz aziz fuqarolarimizga tayanamiz.
Eʼtiborlaringiz uchun rahmat!
Samarqand viloyati IIB boshligʼi, polkovnik Rahmat Mamatov