Samarqand viloyati IIB rahbariyati 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tizimda uzoq yillar xizmat olib borgan soha faxriylari holidan xabar olishdi
9-may – “Xotira va qadrlash kuni” o‘tmishni yod etish, bugunga shukronalik va kelajak uchun minnatdorlik ayyomidir. Samarqand viloyati IIB rahbariyati bayram munosabati bilan tizimda uzoq yillar xizmat olib borgan soha faxriylarini qutlashdi.
“Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Samarqand tumanida yashovchi ichki ishlar sohasi faxriysi polkovnik Nurmahmat Mullabekovning holidan xabar olindi. Otaxon bugun 86 yoshda.
Tashrif chog‘ida Ichki ishlar vazirligi va viloyat IIB rahbariyatining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Boshqarma rahbariyati Samarqand shahar Navbog‘chiyon mahallasida istiqomat qiluvchi soha faxriysi Axtam Abdurahimov xonadonida ham bo‘ldilar. Otaxon bu yo‘qlovdan boshi ko‘kka yetganini aytib, yurtimiz rahbarlari va barcha-barchani qo‘l ochib duo qildi.
Shonli g‘alabaning 80 yilligi shodiyonasi Samarqand shahar Beruniy ko‘chasi 20- xonadonda yashovchi iste’fodagi podpolkovnik Larisa Maskel xonadonida ham davom etdi. Mas’ullar bayram tilaklarini izhor etib, esdalik sovg‘alarini taqdim etishdi. Shuningdek, “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Bayram munosabati bilan soha faxriylari holidan xabar olish tadbirlari davom etmoqda.