Samarqand viloyati IIB tezkor vakili taklif etilgan 50 mln so‘m porani rad etib, jazo muqarrarligini ta’minladi
2025-yil 09-iyul kuni Samarqand viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Samarqand shahrida joylashgan sog‘lomlashtirish markazi niqobi ostidagi SPA salonida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, ushbu markaz xodimalari mijozlar bilan intim aloqaga kirishish evaziga 100 AQSh dollari va 800 ming so‘m pullarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shundan so‘ng ushbu shaxslar Samarqand viloyati IIBga olib kelinib, holat rasmiylashtirilayotgan vaqtda, o‘zini ushbu sog‘lomlashtirish markazi egasi deb tanishtirgan 26 yoshli ayol ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atmasdan, ma’muriy tartibda sudga yuboradigan tarzda hujjatlarni rasmiylashtirishni iltimos qilib, evaziga 50 mln so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
Samarqand viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor vakili podpolkovnik Orif Baratov pora olish va berish jinoyat ekanligini tushuntirishiga qaramasdan ayol o‘z fikridan qaytmagan. O‘rtada bo‘lib o‘tgan suhbat yozib olingan va shu sababli ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rish belgilangan.
2025-yil 10-iyul kuni IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida 26 yoshli fuqaro pora tariqasida taklif qilingan 50 mln so‘mni ichki ishlar organi xodimiga berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati