Samarqand viloyati mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yuzasidan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqda
Hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va qaror ijrosi yuzasidan ishchi guruhi Oqdaryo tumani “Poʻlatdarxon” mahallasida sektor rahbarlari, mahalla yettiligi va boshqa masʼul tashkilotlar vakillari bilan uchrashdi.
Tuman hududida 1-chorak davomida koʻcha va xiyobonlarga, aholi gavjum maskanlar, bozorlar va savdo shoxobchalari joylashgan manzillarga 90 ta video kameralari, koʻp qavatli uylarning yoʻlaklariga 30 ta kuzatuv kameralari oʻrnatiladi.
120 ta uy Milliy gvardiyaning qoʻriqloviga olinadi va 7 ta domofon oʻrnatib beriladi. Fuqarolar koʻp yigʻiladigan va jamoat joylarida 4 ta tashvish tugmalari qoʻyib beriladi. 20 ta namunali koʻcha va 35 ta namunaviy xavfsiz yoʻlak tashkil etiladi.
Shuningdek, tuman Xotin-qizlar masalalari boʻyicha hokimiyat masʼullari tomonidan ayollar jinoyatchiligini barvaqt oldini olish boʻyicha yaratilayotgan tizim taqdimoti oʻtkazildi.
Respublika ishchi guruhi aʼzolari Samarqand viloyatining barcha shahar-tumanlarida sohaga masʼul mutasaddilar bilan hamkorlikda qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda ijrosini taʼminlash choralarini koʻrishmoqda.