31 Avgust 2021 yil 808

Samarqandda afv etilgan fuqarolar bilan uchrashuv o`tkazilib, muammolari o`rganildi

Xabar berganimizdek, Prezidentimiz Farmoniga koʻra, Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 21 nafar samarqandlik mahkum jazodan ozod etilgandi.

Bu shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shugʻullanishi, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish maqsadida hokimliklar, tegishli tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilangan.

Jumladan, viloyat hokimligida afv etilgan fuqarolar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda ularning uy-joy, ish bilan taʼminlash, salomatligi va boshqa masalalar yuzasidan muammolari, kelgusidagi maqsad va rejalari eshitildi. Bildirilgan muammoli masalalar boʻyicha yordam koʻrsatish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

– 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgandim va 2 yil 4 oy jazo muddatini oʻtadim, – deydi Pastdargʻom tumanidagi Poʻlatchi mahallasida yashovchi F.Eshmurodov. – Prezidentimizning 27-avgustdagi farmoni bilan afv etilib, muddatidan avval jazodan ozod qilindim. Buning uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman. Yana oilam bagʻridaman. Xatolarimni anglab, bundan tegishli xulosa chiqarib oldim. Endi faqat halol mehnat qilib, roʻzgʻor tebrataman, jamiyatda oʻz oʻrnimni topishga intilaman. Novvoylik bilan shugʻullanmoqchiman. Bu borada tuman hokimligi menga yordam beradigan boʻldi.

Samarqand tumani Moʻliyon mahallasida yashovchi, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan 2,5 yil oldin ozod etilib, afv qilingan B.Sherboyev kichik non sexi tashkil etish rejasi borligini aytib, uskuna xarid qilishda yordam soʻradi. Hokimlik tomonidan bu masalada unga moddiy va maʼnaviy koʻmak berilishi aytildi.

H.Eltoyev. Zarnews.uz

Text to speech