Samarqandda futbol boʻyicha “Vazir kubogi” musobaqasining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Dastlabki oʻyinda Samarqand viloyati IIB jamoasi Sirdaryo viloyati IIBni 3:1 hisobida magʻlub etdi.
Avval xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi “Dinamo” stadionida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari va hududiy boʻlinmalari xodimlari oʻrtasida sportning futbol turi boʻyicha “Vazir kubogi” musobaqasi doirasidagi “S” guruhi oʻyinlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Bugun mazkur guruh bosqichi oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.
Ochilish marosimida Samarqand viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari polkovnik F.Raxmatov soʻzga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratilganligini taʼkidlab, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish borasida IIV tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar hususida toʻxtaldi. Musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Start oʻyinida Samarqand hamda Sirdaryo viloyati IIB terma jamoalari oʻzaro bahs olib borishdi. Murosasiz kechgan oʻyinda 3:1 hisobi bilan Samarqand viloyati IIB jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Turnir doirasidagi boshqa oʻyinlar ertaga davom etadi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati