30 Yanvar 2025 yil 300

Samarqandda xavfsiz muhit yaratish choralari kuchaytirilmoqda

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan Samarqand viloyatining barcha shahar-tumanlarida kriminogen vaziyatni yaxshilash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish borasida Davlat rahbari qarorining ijrosi oʻrganilmoqda.

Respublika ishchi guruhiga Samarqand tumanidagi “Qoʻshtamgʻali” mahallasida “Huquq-tartibot maskani” yaratish, “Xavfsiz bekat” namunasini ishga tushirish hamda “Yoshlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish” borasida rejalashtirilgan ishlar taqdimot qilindi. Mahalla yettiligi, tuman sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot vakillariga hududlarni xavfsiz maskanga aylantirish masalalarining ijrosi tushuntirildi.

Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida tuman hududida 1-chorak davomida 220 ta koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklariga tashvish tugmalari va videokuzatuv kameralarini oʻrnatish, 29 ta savdo shoxobchalari hamda 220 ta xonadonlarni Milliy gvardiya qoʻriqloviga olish, shuningdek 30 ta koʻp qavatli uylar kirish eshiklariga domofonlar oʻrnatish belgilangan.

Ishchi guruh Samarqand shahri “Bogʻisaroy” mahallasida yangi ishga tushirilgan 5 ta mahallaga xizmat koʻrsatuvchi “Huquq-tartibot maskani” faoliyati bilan tanishdi. Maskanda mahalla yettiliklari, ichki ishlar va prokuratura organlari, shuningdek Milliy gvardiya xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi.

Jarayonda “Obod va xavfsiz mahalla tamoyili” asosida “Bogʻisaroy” mahallasi misolida ijtimoiy profilaktika boʻyicha yangicha ishlash tizimi taqdimot qilindi.

Mahalla yettiligi, sektor rahbarlari hamda masʼullarga kriminogen vaziyatni jilovlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, shahar hududidagi 26 ta “qizil” toifadagi mahallalarni kriminogen vaziyatini barqarorlashtirish, 1-chorak davomida bajariladigan ishlar hajmi belgilanib, mahallalarning kirish va chiqish, hamda aholi gavjum joylari va koʻchalariga 930 ta videokuzatuv kameralari, 100 ta savdo markazlari va bozorlarga 30 ta yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi kameralarni oʻrnatish, “Namunali xavfsiz koʻcha” va “Namunali xavfsiz yoʻlak”larni tashkil qilish hamda vaziyatni nazorat qilish boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatdagi mahallalar yettiligi bilan jinoyatlarning oldini olish borasidagi vaziyat tahlil etilib, kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan aniq manzilli tadbirlar belgilanmoqda.


Text to speech