Samarqandda shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash borasidagi uchrashuvlar davom etmoqda
Ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan xodimlar xalq bilan birga, yonma-yon, ularning tashvishi muammolarini birgalikda yechishni maqsad qilgan davlat xizmatchilari xisoblanadi. Shu bilan birga ichki ishlar xodimining mehnat qobiliyati, ish samaradorligi, turmush sharoitlari, xulq-atvori, yutugʻi va muammolari ham soha rahbarlari tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi.
Viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati hamda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi rahbariyati tomonidan Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB shaxsiy tarkibi bilan oʻtkazilgan yigʻilishda bugun ichki ishlar tizimi xodimlari oldida turgan maqsad va vazifalar haqida soʻz bordi. Shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash haqida ham fikr-mulohazalar aytib oʻtildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida ham ichki ishlar xodimining oʻz xizmat vazifasiga munosabati, kasbini sevishi, yurtiga, Vataniga sadoqati borasidagi fikrlarga alohida urgʻu berildi.
Xodimlarning shaxsiy xavfsizligi, oʻzi va oilasini himoya qilishi, yomon illatlardan yiroq boʻlib, fuqarolar bilan muloqotda esa xushmoamala boʻlishi haqida soʻzga chiqqanlar tomonidan aniq va maqsadli tavsiyalar berildi. Ichki ishlar xodimi aholi orasida shaxsiy namuna boʻlib, xalq bilan birga yashashi, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashi lozimligi ham taʼkidlandi.
Tizimda oʻz xizmat vazifasini sidqidildan bajaradigan, halol va jasur, oʻz qasamyodiga sodiq ichki ishlar xodimlari saflarini yanada kengaytirish masalasida ham fikrlar bildirildi.
Bugun ichki ishlar xodimi avvalo xalq hurmatiga loyiq, fidoiy va jonkuyar inson boʻlishi lozim. Boʻlib oʻtgan tadbirda masʼullar tomonidan yana bir bor ogohlik va sergaklik haqida fikrlar bildirildi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati