1 Oktyabr 2022 yil 782

Samarqand viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilgan ustoz va murabbiylar uchun bayram tadbiri tashkil etildi

Bayram munosabati bilan ichki ishlar organlarida xizmat qilib, bugun nafaqa gashtini surayotgan faxriylar Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi tomonidan samimiy muborakbod etilmoqda.

Yoshi ulugʻ insonlar, ustoz-murabbiylarga hurmat-ehtirom koʻrsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan sanaladi. Bu anʼana mamlakatimizda nishonlanadigan bayramlar arafasida yaqqol namoyon boʻladi.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ham bu yilgi bayram tadbirlari oʻzgacha koʻtarinkilik bilan oʻtkazilmoqda. Viloyat IIBning sohaviy xizmatlari hamda barcha shahar-tuman IIB rahbarlari ustoz va murabbiylar, faxriylar xonadoniga borib, ularni bayram bilan tabriklashmoqda. Faxriylarga sovgʻalar ulashilib, bayram dasturxonlari yozilmoqda.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida oʻtkazilgan bayram tadbiri bir piyola choy ustida davom etdi. Tadbirni Boshqarma boshligʻi Rahmat Mamatov ochib berib, Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Oʻtganlar haqqiga duo oʻqilib, “Qurʼon” tilovat qilindi. Shundan soʻng dasturxonga oʻzbek milliy taomi osh tortildi. Faxriylar oʻz ishlagan davrlarini tengdoshlari bilan eslab, dildan suhbat qurishdi.

Ushbu qutlugʻ sanaga bagʻishlangan xayrli tadbirlar viloyatning barcha shahar-tuman Ichki ishlar boʻlimlari hamda sohaviy xizmatlarida uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech