Samarqand viloyati IIB, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati boʼlimi hamda viloyat Madaniyat boshqarmasi oʼrtasida “Maʼnaviyat va maʼrifat sohasidagi oʼzaro hamkorlikni mustahkamlash” hamkorlik memorandumi imzolandi
Ochiq osmon ostida oʼtkazilgan maʼrifiy tadbirda, Samarqand davlat Аrxitektura va qurilish instituti “Ijtimoiy fanlar kafedrasi” dotsenti, viloyat Madaniyat boshqarmasi boshligʼi, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati boʼlimi raisi oʼrinbosari hamda Samarqand viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish va kadrlar bilan taʼminlash xizmati rahbari ishtirok etib, insonning maʼnaviy kamolotida kitobning oʼrni haqida gapirib oʼtdi.
“Qat-qat-qatlama, aqling boʼlsa tashlama” deya pinhoniy topishmoqlar qatidan joy olgan duru javohir - bu shubhasiz kitobdir. Undan yaqinroq doʼst yoʼq va uningdek dardkash ham boʼlmasa kerak. IIO xodimlari ham kitobga oshno ekanligi, badiiy va siyosiy, didaktik va detektiv, psixologik va memuar asarlarni koʼp oʼqishi, oʼqiganlari esa xizmat vazifasini bajarish chogʼida yana ham asqotishi borasida soʼzga chiqqanlar toʼxtalib oʼtishdi.
Samarqand viloyati IIB, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati boʼlimi hamda viloyat Madaniyat boshqarmasi oʼrtasida “Maʼnaviyat va maʼrifat sohasidagi oʼzaro hamkorlikni mustahkamlash” hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum asosida, xodimlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, vatanparvarlik, faxr va iftixor tuygʼularini mustahkamlash, buyuk allomalar hayoti va faoliyati haqida chuqur tushunchalarga ega boʼlish, qolaversa ikki tomonlama manfaatli munosabatlarni rivojlantirish bosh maqsad sifatida qaralmoqda.
Samarqand viloyati IIB Аxborot xizmati