6 Yanvar 2023 yil 311

Samarqand viloyati IIBda “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

Faxriylarni eʼzozlash ularga hurmat ehtirom ko‘rsatish ustuvor masala. Faxriylarning tajribasi va malakasi yosh xodimlar uchun ibrat maktabi. Ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib, bugungi kunda faxriylik gashtini surayotgan otaxonlarning aksariyati o‘yda o‘tirishni ep bilmasdan ustoz-shogird anʼanasiga sodiq qolgan holda soha vakillaridan o‘z maslahatlarini ayashmayapti.

Tadbirni IIB boshlig`ining o`rinbosari Faxriddin Rahmatov ochib berib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan yosh avlodni tarbiyalashda “ustoz-shogird” anʼanasiga amal qilish, ustozlarni ulug‘lash, ularni orttirgan tajribalaridan unumli foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Viloyat IIB boshlig`ining maslahatchisi M.Jabborov tadbirda so‘z olib, bugun mustaqil mamlakatimizda yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar, g‘amxo‘rliklardan ilhomlanib, Vatan xizmatiga kamarbasta bo‘lishga, bunda faxriylarning xizmat va hayot yo‘lida orttirgan tajriba maslahatlariga tayangan holda puxta bilim olib, har tomonlama yetuk kadrlar bo‘lib yetishishida bunday uchrashuvlarning ahamiyati nihoyatda beqiyosligini bildirishdi.

Shundan keyin soʻzga chiqqan IIV faxriylar kengashining aʼzolari ham oʻz hayot va xizmat yoʻlidagi zalvorli davrlarni va muvaffaqiyatga erishgan onlarini ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazib, bugungi yosh avlod “ichki ishlar organi xodimi”- degan sharafli nomga munosib boʻlishi uchun oʻz ustida tinimsiz ishlashi, bilimlarni puxta egallashi va asosiysi xalqqa va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni oʻzining “muqaddas burchi”- deb, bilishi lozimligini aytib oʻtdilar.

Oʻz navbatida ishtirokchi yoshlarning ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida bildirgan fikr-mulohazalari tinglandi. Namunali yoshlar taqdirlanishdi.

Sermazmun suhbatlarga boy boʻlgan ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ishtirokchilarning xotirasidan oʻchmas joy olishi bilan birgalikda, ularning kelgusi hayot yoʻllarini yorituvchi ziyo boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech