Samarqand viloyati Transport boshqarmasi xodimlari pora bilan qoʻlga olindi
Samarqand viloyati IIB boshligʻi nomiga, fuqaro A. ariza bilan murojaat qilib, unda 12-aprel kuni “Damas” rusumli avtomashinasi bilan Samarqand shahrida kirakashlik faoliyati bilan shugʻullanib yurgan vaqtida, Samarqand shahri Univesitet hiyoboni koʻchasida xizmat olib borayotgan “Avtomobil va daryo transport agentligi” xodimlari uni toʻxtatib, litsenziyasiz taksi qilib yurganligini aytib, unga bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 500 000 soʻm miqdorida pul talab qilib, oldindan 200 000 soʻmini olib, qolgan 300 000 soʻm pullarni talab qilib kelayotganligini bildirib, ularga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Mazkur arizaga asosan, 2022-yil 13-aprel kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi hamda Departamentning Samarqand shahar boʻlimi xodimlari hamkorligida, tezkor tadbir oʻtkazilib, “Avtomobil va daryo transport agentligi” xodimlari E.O. va A.S.lar ariza muallifidan 300.000 soʻm miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati