Samarqandda afv etilganlarni ijtimoiy hayotga moslashtirish borasida manzilli tadbirlar amalga oshirilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 06-dekabrdagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi PF-30-son Farmoniga asosan, Samarqand viloyati boʻyicha jami 6 nafar (Kattaqoʻrgʻon.sh-1, Tayloq-1 va Urgut-4) muqaddam terrorizm va diniy ekstremizm bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar afv etildi.
Afv etilgan fuqarolarni ijtimoiy moslashuvini taʼminlash va jamoatchilikka qoʻshish maqsadida, joriy yilning 10-dekabr kuni Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari, Samarqand viloyati IIB va DXX Samarqand viloyati viloyat boshqarmasining maʼsul rahbarlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan fuqarolarning har biri bilan ularning yashash manzillariga borilib, oila aʼzolari ishtirokida yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan suhbatlar davomida ularning jami 30 ta muammolari mavjudligi aniqlanib, hozirga qadar 9 tasi joyida hal etildi.
Jumladan:
* uy-joyga muhtojlik bilan bogʻliq 1 ta muammo aniqlanib, 2022-yilda subsidiya asosida ajratiladigan uy-joylardan berilishi tushuntirildi;
* uy-joy taʼmiri bilan bogʻliq 2 ta muammo aniqlanib, ijroga qaratildi;
* sogʻliqni saqlash bilan bogʻliq 6 ta muammo aniqlanib, barchasi toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi;
* bandligini taʼminlash bilan bogʻliq 6 ta muammo aniqlanib, 2 nafari ish bilan taʼminlandi, 4 nafari boʻyicha chora-tadbirlar belgilanib, hududiy bandlikka koʻmaklashish markazlariga topshiriqlar berildi;
* MTMga joylashtirish bilan bogʻliq 1 ta muammo aniqlanib, qisqa muddatda hal etilishi belgilandi;
* pasport rasmiylashtirish bilan bogʻliq 4 ta muammo aniqlanib, ijroga qaratildi;
* moddiy yordam ajratish bilan bogʻliq 6 ta muammo aniqlanib, hududiy hokimliklar huzuridagi ijtimoiy koʻnikma markazlariga yoʻllanmalar berildi;
* boshqa turdagi 4 ta muammo (tikuv mashinasi va payvandlash apparati olib berish, farzandini toʻgʻarakka jalb qilish bilan bogʻliq) aniqlanib, chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, afv etilgan fuqarolarni reabilitatsiya qilish hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar “Yoʻl xaritasi”ga asosan ularning har biriga murabbiylar biriktirilib, ularning vazifalari belgilab berildi.
Afv etilgan shaxslar bilan reabilitatsiya va ijtimoiy moslashtirish tadbirlari davom etmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati