Samarqandda shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash borasidagi uchrashuvlar oʻtkazilmoqda
Ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan xodimlarning mehnat qobiliyati, ish samaradorligi, kayfiyati, turmush sharoitlari, yutuqlari va muammolari soha rahbarlari tomonidan muntazam oʻrganilib, tahlil qilinib boriladi.
Bu borada Samarqand viloyati IIB boshligʻining Farmoyishi qabul qilingan boʻlib, barcha shahar-tuman IIB larida xodimlar va ularning ota-onalari bilan suhbat va uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
Bugun shu kabi uchrashuv Samarqand va Toyloq tuman IIBlarida boʻlib oʻtdi.
Samarqand viloyati IIB boshligʻi oʻrinbosari polkovnik Faxriddin Raxmatov, hamda, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Elyor Majidovlar shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomini yanada mustahkamlash maqsadida yuqorida nomi keltirilgan tumanlarda xodimlar va ularning ota-onalari bilan uchrashdi.
Uchrashuvlar tanqidiy-tahliliy ruhda boʻlib oʻtmoqda.
Oʻtkazilayotgan yigʻilishlar davomida asosiy eʼtibor viloyat ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash boʻyicha yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar omma eʼtiboriga havola etilmoqda. Shuningdek, xizmatda yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklari uchun tizimdan boʻshatilgan xodimlarning harakatlari aks etgan videolavha yigʻilish ishtirokchilariga qoʻyib berilmoqda.
Oʻz xizmatiga loyiq, halol xizmat qilayotgan bir guruh jonkuyar xodimlar IIB rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirilib, ota-onalariga minnatdorchilik bildirildi. Oʻz ishiga panja ostidan qaraydigan xodimlar shaxsiy tarkib oldida muhokama qilinmoqda.
Har bir xodimning fuqarolar bilan muloqoti odob-axloq meʼyorlariga rioya etgan holda amalga oshirilishi, har vaqt ham xalq va davlat manfaatlari har narsadan ustun ekanligiga alohida urgʻu berildi.
Uchrashuvlar davomida xodimlar oʻzlarini qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qilishdi.
Bundan tashqari, uchrashuvlar xodimlarni xizmatga sadoqat, ona vatanga muxabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etuvchi “Oʻzbekistonda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash tarixi” kitobining taqdimoti ham oʻtkazilmoqda.
Bu kabi tadbirlar Samarqand viloyatining boshqa hududlarida ham davom etmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati