22 Dekabr 2021 yil 487

Samarqandda “Sogʻlom va barkamol oila” shiori ostida Ichki ishlar vaziri sovrini uchun oʻtkazilayotgan bellashuvlarning mintaqaviy bosqichi gʻoliblari aniqlandi

Bugun aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish, ommaviy sportni rivojlantirishga muhim eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, oilalarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, unda ulgʻayayotgan yosh avlodni ham maʼnaviyati yetuk, mustaqil fikrlashga qodir insonlar etib tarbiyalashga ham alohida urgʻu berilayapti. Sababi, sport odamlarning jismoniy sogʻlomligini kafolatlasa, kitobxonlik maʼnaviy kamolotga yetkazishga xizmat qiladi. Respublikaning 3-sektor hududlarida yashovchi oilalar oʻrtasida “Sogʻlom va barkamol oila” shiori ostida oʻtkazilayotgan sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlaridan koʻzlangan maqsad ham shu aslida. Ushbu bellashuvlarning mintaqaviy bosqichiga Samarqand viloyati mezbonlik qildi.

Tanlovda Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlarining hududiy bosqichida gʻolib boʻlgan 8 nafar oilalar oʻzaro sogʻlom raqobat asosida bellashdilar. Ishtirokchilar dastlab, sportning shaxmat-shashka, stol tennisi, badminton, quvnoq startlar kabi turlari boʻyicha bahslashishdi. Kitobxonlik borasidagi bellashuv ham yanada qiziqarli va bahslarga boy boʻldi.

Qizgʻin va murosasiz kechgan bellashuvlarning yakuniy natijalariga koʻra, sport musobaqasi yoʻnalishida 1-oʻrin Jizzax viloyatining 3-sektorda yashovchi Jumanazarovlar oilasiga, 2-oʻrin Qashqadaryo viloyatining 3-sektorda yashovchi Sherdonovlar oilasiga hamda faxrli 3-oʻrin Surxondaryo viloyatninig 3-sektorda yashovchi Yangiboyevlar oilasiga nasib etdi.

Kitobxonlik bellashuvi yoʻnalishida esa 1-oʻrin Samarqand viloyatining 3-sektorda yashovchi Jumayevlar oilasiga, 2-oʻrin Jizzax viloyatining 3-sektorda yashovchi Abdullayevlar oilasiga nasib etgan boʻlsa faxli 3-oʻrinni Surxondaryo viloyatninig 3-sektorda yashovchi Xoliqovlar oilasi qoʻlga kiritdi.

Shuning bilan “Sogʻlom va barkamol oila” shiori ostida oʻtkazilgan sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarining mintaqaviy bosqichi oʻz yakuniga yetdi.

Gʻoliblarga viloyat IIB boshligʻining diplom, esdalik sovgʻalari topshirildi.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech