30 Iyul 2023 yil 847

Samarqandda “To‘maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi

Chaqqonlik, qat’iyatlilik, zukkolik, oqilalik va mohirlik. Bu fazilatlarni o‘zlarida jam qilgan jamoalar katta ishonch bilan tanlovda jam bo‘lishdi. Tanlovning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mutasaddi vakillari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari so‘z olib, sohaga qaratilayotgan e’tibor, ayol xodimalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘rni va rolini oshirish, iste’dodlarini namoyon qilishlari bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini va yaratilayotgan shart-sharoitlarni alohida e’tirof etishdi.

Barcha viloyatlardan kelgan jamoalar tanlovning tanishtiruv sharti bo‘yicha chiqishlarida To‘marisning jasorati, shijoati, yurtga sadoqati va vatanparvarlik jihatlarini aks ettirishdi. 5 kun davomida bo‘lib o‘tgan tanlov doirasida turli sport musobaqalari va qiziqarli bellashuvlarda ishtirokchilar mahorat va iste’dodlarini namoyon etishdi.

Ichki ishlar xodimalari sahnaviy chiqishlarida To‘maris kabi jasur, el-yurt himoyasiga shay, vatan ishqi yuragida doimo ustun turishini ifoda etishdi. Jamolarning Vatanimiz, xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-ma’naviy merosimizga bo‘lgan hurmat va sadoqati, dunyoqarashi, fikrlash doirasi, bilimdonligi munosib baholandi.

Jasorati, shijoati, azmu qat’iyligi bilan millatimizning g‘urur va iftixoriga aylangan To‘marisning qahramonligi zamonlar o‘tsa-da, vatanparvarlik timsoli bo‘lib qolaveradi.

Har bir jamoa tanlovga o‘zgacha ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rgan. Tanlov davomida murakkab davrda yurt kelajagi va ravnaqi yo‘lida mardonavor kurashgan matonatli To‘maris qiyofasi ko‘ngillarda iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi.

Tanlov doirasida namoyish etilgan videoroliklarda Turon malikasi To‘maris chamanzordan ko‘ra tikanzor bo‘lsada vatan tuprog‘ini muqaddas bilib, uning har qarich yerini g‘animlardan himoya qilganligi, kerak bo‘lsa bu yo‘lda o‘z jonini qurbon qilishga ham shayligi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Tanlovning 2-kunidagi sport musobaqalarida jamoalar chaqqonlik va mohirliklarini namoyon etishdi. Xususan, 800, 400, 200 va 100 metrga estafetaga yugurish, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish va erkin uslubda 50 metr masofaga suzish shartlari ham qiziqarli jarayonlarga boy bo‘ldi. Murosasiz kechgan bellashuvlarda ayol xodimalarning sport mashg‘ulotlarida nechog‘lik mahoratli, epchil va tezkor ekanliklari aks etdi. Jang maydonida yaralanganda birinchi tez yordam ko‘rsatishda xodimalarning tibbiy bilim va ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkazildi. Yugurishda ham jamoalar raqiblarini ortda qoldirib g‘oliblik sari harakat qilishdi. Erkin uslubda suzish bo‘yicha ham ishtirokchilarning mahorati e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Shijoat, ildam harakat va muvaffaqiyat. Gʻolib bo‘lish uchun har bir jamoada ana shunday ishtiyoq kuchli bo‘ldi. Sport musobaqalari ishtirokchilarning jismoniy faolligini oshirib, iroda va matonatini sinovdan o‘tkazish bilan bir qatorda o‘zaro do‘stlik rishtalarini ham mustahkamlashga xizmat qildi.

Tanlovning keyingi kunida ishtirokchilar dala o‘quv maydonida saf tortishdi. Unda jamoalar Makarov to‘pponchasidan 25 metr masofaga, Kalashnikov avtomatidan 100 metr masofaga o‘q otish hamda yaradorni jang maydonidan olib chiqishda bellashishdi.

Musobaqani boshqarma boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov ochib berib, To‘marisning mardligi va yurtni sevishdek fazilatlarini alohida e’tirof etdi. Har bir xodima qalbida uning dovyurakligi jo‘sh urishi lozimligini ta’kidladi.

Ishtirkochilar mohirlik va intizom, birdamlikda aniq harakatlana olish qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.

O‘q otish sharti ishtirokchilardan mohir mergan bo‘lish birga ehtiyotkorlikni ham talab qildi. Musobaqada ishtirokchilar belgilangan shartlar bo‘yicha yuksak kasbiy mahorat va matonat namunalarini ko‘rsatdilar.

Xodimlarda yuksak jangovar tayyorgarlikni oshirish, yetakchilik xususiyatlarini rivojlantirish, jamoalarda sog‘lom, ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishdek o‘ziga xos jihatlarni maqsad qilgan bellashuv qizg‘in va murosasiz kechdi.

To‘marisning jasorati ayol xodimalarda buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanish hissini uyg‘otadi. Shuningdek, Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini anglatadi hamda el-yurt ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilishga da’vat etadi.

Tanlov yakuniga ko‘ra shartlarni a’lo darajada bajargan g‘oliblar va turli nominasiyalar sovrindorlari aniqlandi. Gʻoliblarni taqdirlash marosimi tantanavor tus oldi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi IIV mutasaddilari va viloyat IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. 1-tanishtiruv shartida 1-o‘rin Samarqand viloyati, 2-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, 3-o‘rin Navoiy viloyati IIB jamoasiga, 2-shart Kalashnikov avtomatidan o‘q otish musobaqalarida 1-o‘rin Qorovul qo‘shinlari qo‘mondonligi, 2- o‘rin Xorazm, 3-o‘rin Qashqadaryo viloyati IIB jamoasiga, yaradorni jang maydonidan olib chiqish shartida 1-o‘rin Samarqand, 2-o‘rin Buxoro va 3-o‘rin Qashqadaryo viloyati IIB jamoasiga, suzishda 1-o‘rin Surxondaryo, 2-o‘rin IIV akademiyasi, 3-o‘rin Sirdaryo viloyati IIB jamaosiga, estafetaga yugurishda 1-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, 2-o‘rin IIV akademiyasi, 3-o‘rin esa Jizzax viloyatiga nasib etdi.

Dala sharoitida mazali taom tayyorlash shartlariga ko‘ra Samarqand 1-, Qashqadaryo 2-, Toshkent shahar IIBB jamoasi 3-o‘rin g‘olibi bo‘lishdi. Dala sharoitida non pishirishda 1-o‘rinni JIED, 2-o‘rinni Samarqand va 3-o‘rinni IIV akademiyasi ishtirokchilari qo‘lga kiritdi.

Umumjamoa hisobida 3-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV va Samarqand viloyat IIB, 2-o‘rin Qashqadaryo viloyatiga nasib etgan bo‘lsa 1-o‘rin bilan IIV akademiyasi jamoasi taqdirlandi.

Shuningdek, tanlov ishtirokchilari uchun bir piyola choy tashkil etilib, xushovoz san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari barchani raqslarga chorladi.

Umida Mamadaliyeva

Text to speech