TAROZINING ADOLAT PALLASI yoxud fikrati keng tergovchi xato qilmaydi
Aka-uka otasidan qolgan yerni Olimga (ismlar o‘zgartirildi) sotdi. Kelishilgan pulning yarimidan ko‘p qismini qurtdek sanab olishdi. Hujjat ishlariga kelganida, bir-ikki oy o‘tsa hamki, ishni paysalga solaverishdi. Shunday kunlarning birida Olim yana ularning uyiga bordi. Uy bekasining «Erim ukasi Hamid bilan kecha Rossiyaga uchib ketdi», degan gapidan hangu mang bo‘lib qoldi. Endi nima bo‘ladi?.. Olim qayta-qayta aka-ukalarga qo‘ng‘iroq qildi, ammo bog‘lana olmadi. Sakkiz oydan keyingina Nizom, ya’ni aka bilan gaplashdi. Ammo uning «Hech qanaqa pul olmaganmiz sendan, gapni ko‘paytirma», deya qilgan muomalasidan, lafzi yo‘q odamlarga ishonib, shuncha pulni osmonga sovurganini payqadi. Hech ikkilanmay ichki ishlar bo‘limiga borib, bo‘lgan voqeani bayon qilib, ariza bilan murjaat qildi. Bu ish Narpay tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tergovchisi, mayor Shahboz Hamroyevga topshirildi.
– Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlanganida dalillar yetarlicha emasdi, – deydi mayor Shahboz Hamroyev. – Biroq gumonlanuvchilarning keyingi xatti-harakatlari, ya’ni jabrlanuvchining o‘g‘lini garovga olib, arizasini qaytarib olishini, hech qanday da’voim yo‘q, deya tilxat yozib berishini talab qilishgani hamma dalillarni isbotlashga kifoya qildi. Tabiiyki, bunday vaziyatda jabrlanuvchi avvaliga qo‘rqib ketgan, ammo meni ogohlantirdi. Holat bo‘yicha jarayonlar uzoq davom etdi. Va yakunda aka-ukalar qilmishi to‘liq isbotini topdi.
Inson tabiati qiziq. Halol mehnati ortidan farovon yashash imkoniyatlari bo‘lsa-da, pul, boylik orttirish maqsadida jinoyat ko‘chasiga kirishdan tap tortmaydi. Bilmaydiki, qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham, albatta, chiqadi. Kamiga, kun kelib, qilmishlari fosh bo‘lganida, hatto qonun himoyachisini ham chalg‘itib, suvdan quruq chiqishga urinadi. Qahramonimizda o‘zining ayyor, ustomonligi bilan qilar ishni qilib qo‘yib, qonunni aylanib o‘tmoqchi bo‘lganlarga qarshi «immunitet» shakllangan. To‘g‘rirog‘i, bunga 2017 yil IIV Akademiyasini tugatib, ilk xizmatini Kattaqo‘rg‘on shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limida surishtiruvchi sifatida boshlagan kezlari ustozi, hozirda Paxtachi tumani IIB tergov bo‘linmasi boshlig‘i, mayor Jaloliddin Suyunov sababchi bo‘lgan. Qahramonimiz bilan suhbatlasharkanmiz, ustozining «Tergovchining nigohlari o‘tkir, ziyrak va fikrati tiniq, mulohazakor bo‘lishi zarur», deya unga o‘rgatgan bilimlarining qiymati nihoyatda yuqori ekanligini yashirmadi. Unga topshirilgan ishlarni sinchiklab o‘rganish va adolatning qaror topishida sohada uzoq yillar mehnat qilgan fidoyi ustozlaridan o‘rganganlari doim asqatishini ta’kidladi.
– O‘g‘lim, yaqinda o‘ttiz uch yoshni qarshiladi, – deydi Soraxon opa Hamroyeva. – Yurtimiz mustaqil bo‘lgan yilda tug‘ilgan. Uning bog‘cha, maktabga chiqishi hammasi-hammasi yurtimizdagi yangilanishlar bilan bog‘liq. IIV Akademiyasiga o‘qishga kirganida uyimizda katta bayram bo‘lib ketgan. Ochig‘i, avvaliga bittagina o‘g‘lim, deya biroz xavotirlanganman. Biroq u o‘qishni tamomlaganida qarshimda haqiqiy Vatan va qonun posbonini ko‘rdim. Yuragimdagi xadik faxrga aylandi. Har kuni duoga qo‘l ochib, o‘g‘limning ishlariga rivoj tilarkanman, baxtli onalar safida ekanligimdan xursand bo‘laman.
Zimmasiga yuklatilgan vazifalarga sidqidildan yondashib, hamkasblari ishonchi va hurmatini qozongan qahramonimiz otasi Hasanjon aka, onasi Soraxon opaning suyanchig‘i, Muhammadsodiq va Umarjonning mehribon otasi, ayoli Dilnozaxonning sevimli yordir. U bo‘sh vaqtlarida kurash, sambo kabi sport turlari bilan shug‘ullanadi. Aytgancha, u oilasi, yaqinlarini kutilmaganda shirinliklar bilan siylashni yaxshi ko‘rar ekan. Mayor Shahboz Hamroyevning bu xislati oddiy bir inson sifatida hayotni naqadar chuqur idrok qilishiga ishoradir. Zero, odamlar qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, bir-biriga yaxshi tilak, ezguliklar sog‘insa, shirinliklar ulashsa, qalblar yorishib, yomon illatlar chekinishiga ishonchimiz komil.
Gulnoza TURGʻUNBOYeVA