18 Noyabr 2022 yil 2413

Urgut tumanida sodir boʻlgan jinoyat muhokamasi

Viloyat ichki ishlar boshqarmasining 102 raqamiga Urgut tumanidan qilingan qoʻngʻiroq orqali Chagʻizmon mahallasida mudhish hodisa roʻy berganligi bayon etildi. Maʼlum qilishicha, kelin qaynonasining oʻlimiga sababchi boʻldi. Ayanchli hodisaga sabab, qaynona va kelin oʻrtasidagi kelishmovchilik.


Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Rahmat Mamatov mazkur mahallada boʻlib, tuman hokimligi, sektor rahbarlari jamoatchilik vakillari ishtirokida mazkur holat yuzasidan muhokamaviy yigʻilish oʻtkazdi. Koʻngilsiz voqea xususida gapirar ekan, yoshlarni oilaga tayyorlashda eʼtiborsiz boʻlmaslik, kelinlik, kuyovlik ilmini oʻrgatishda ota-ona, bobo buvilarning ibratli oʻgitlarini oltin qoidaga aylantirish lozimligini taʼkidladi.


-Nega, kelin qaynonaga hurmatsizlik qilayapti, qaynona kelin bilan murosa qila olmayapti. Nima uchun bunday nizoli holatlar koʻp? Tarbiyada oqsoqlik bor. Toʻy-maʼrakalarda dabdababozlik bilan emas, yuksak maʼnaviyatimiz bilan maqtanaylik, farzand tarbiyasi ularning odob ahloqiga loqaydlik bilan qaramaylik,- dedi boshqarma boshligʻi.


Shuningdek, mudhish hodisa sodir boʻlgan xonadon mahalla mutasaddilari tomonidan atroflicha oʻrganilmaganligi tanqid qilinib, bu kabi salbiy holatlarning oldini olishda muntazam har bir oila bilan ishlash, ulardagi maʼnaviy muhitni eʼtibordan chetda qoldirmaslik zarurligi qayd etildi. Oilalar tinchligi va oʻzaro ahilligida mahalla hamda jamoatchilikning rolini oshirish, nuroniylarning ishtirokini kuchaytirish borasida ham tushunchalar berildi.

Text to speech