Hurmatli fuqarolar!
O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-avgustdagi O‘RQ-946-son "Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 220¹-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida"gi va 28-avgustdagi O‘RQ-949-son "O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi Qonunlari qabul qilindi.
O‘RQ-946-son Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 220¹-moddasiga shaxsni o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ixtiyoriy ravishda topshirganda maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185¹-moddasining (Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) yangi tahririga muvofiq, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, jo‘natganlik va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqqanlik, shuningdek, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki O‘zbekiston Respublikasiga olib kirganlik uchun mazkur huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasidan kelib chiqqan holda huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 248-moddasiga kiritilgan qo‘shimchalarga asosan ichki ishlar organlari nomidan ushbu kodeksning 185¹-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda profilaktika katta inspektorlari va inspektorlari bayonnoma tuzish vakolati berildi.