Samarqandda "Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punkti" ko'rik-tanlovi g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Viloyatda huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish, aholi xavfsizligini ta'minlashda sohaning muhim bo'g'ini hisoblangan, bevosita mahalla hududida ish yuritayotgan milisiya tayanch punktlarining o'rni katta. Ulardagi profilaktika inspektorlarining o'z vazifasini samarali amalga oshirishida, fuqarolar yig'inlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, ularning ilg'or tajribasini targ'ib qilish va rag'batlantirishda "namunali ichki ishlar organlari tayanch punkti" ko'rik-tanlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqand shahridagi yoshlar markazida "ichki ishlar organlarining namunali tayanch punkti" ko'rik-tanlovining viloyat bosqichi g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Taqdirlash marosimida viloyat hokimi E.Turdimov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i polkovnik Sh.Raxmonov, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, harbiylar, mahalla fuqaro yig'inlari hamda bir qator soha vakillari ishtirok etishdi.
Tanlov g'oliblarini aniqlashda milisiya tayanch punktlarining xizmat ko'rsatish hududidagi vaziyat, profilaktika inspektorlarining mahalla fuqarolar yig'ini va aholi bilan hamkorligi, bilim va tajribasi, voyaga etmaganlar bilan ishlash borasidagi faoliyatiga alohida e'tibor qaratildi.
Tantanali tadbirda 1-, 2-, 3-o'rinni egallagan g'oliblar bilan bir qatorda "eng mahoratli profilaktika inspektori", "profilaktika inspektorining eng faol jamoat tartibini saqlash bo'yicha yordamchisi", "eng fidoyi mahalla raisi", "xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo'yicha faol mutaxassis", "adolatli yarashtirish komissiyasi raisi", "ibratli xotin-qizlar qo'mitasi raisi", "eng faol yoshlar etakchisi" va "eng fidoyi sektor rahbari" nominasiyalari bo'yicha g'oliblar ham aniqlandi.
Tanlov yakuniga ko'ra, mahallada aholining og'irini engil, uzog'ini yaqin qilib, har qanday masalalarni mahallaning o'zida bartaraf etib kelayotgan, Nurobod tumani "Girdiqo'rg'on" mahallasida joylashgan 257-sonli tayanch punkti 3-o'rinni egalladi va profilaktika inspektori katta leytenant Xamidullaev Jasur Raximovich 5 million 575 ming so'm miqdoridagi pul mukofoti bilan, ichki ishlar organlari bilan aholini yakdil bog'lovchi, ular o'rtasida mustaxkam ko'prikka aylangan, o'smirlar va yoshlar o'rtasida sport sog'lomlashtirish ishlarini tashkil qilishda eng yaxshi natijalarga erishgan Jomboy tumani "Zarafshon" mahallasida joylashgan 134-sonli tayanch punkti 2-o'rinni egalladi va profilaktika inspektori leytenant Alimqulov Jo'rabek Egamberdi o'g'li 8 million 920 ming so'm miqdoridagi pul mukofoti bilan hamda viloyat bo'yicha tayanch punktlari o'rtasida eng zamonaviy deb topilgan va to'liq shart-sharoitlar yaratilib, aholiga beqiyos xizmat ko'rsatayotgani uchun Qo'shrabod tumanidagi "Jo'sh-ota" mahallasida joylashgan 525-sonli tayanch punkti 1-o'rinni egalladi va profilaktika inspektori katta leytenant Yo'ldoshev Sohib Orziqulovich 11 million 150 ming so'm miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandilar.
Viloyat hokimi E.Turdimov tanlov g'olibiga, respublika bosqichida ham yuqori natijani qo'lga kiritishida omad tiladi.
Tadbir so'ngida harbiy orkestr, madaniyat va san'at xodimlarining badiiy chiqishlari tadbirga yanada ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi.