Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi
Rahbarlarning fuqarolar bilan yuzma-yuz qabullari aholi kundalik turmushi, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, muammo hamda kamchiliklariga barham berish orqali taraqqiyotni jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Odamlar bilan muloqot qilish xalq ichiga kirib borish, uning tashvish va muammolarini chuqur o‘rgangan holda tegishli idora va tashkilotlar bilan bamaslahat hal etishning natijador vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Viloyat IIB boshlig‘i Rahmat Mamatovning bu galgi fuqarolar qabulida ham turli masalalar eshitildi. Odamlarni qiynayotgan tashvish va muammolarga yechim topish choralari izlandi. Aliment qarzdorligini undirish, yo‘llarni asfaltlashtirish, nizoli holatni hal etish, firibgarlik, tergov faoliyati, bandlik, pul oldi-berdisi kabi murojaatlar eshitilib, ularning aksariyatiga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi. Dilshod Majidov avtomashina oldi-sotdisi, Dilrabo Xudoyberdieva farzandini ichki ishlar organlariga kiritish, Xurram Tuyg‘unov kuyovidan aliment qarzdorligini undirish masalasida murojaat qildi. Yechimi muddat talab qiladigan masalalar ijrosi nazoratga olindi.
O‘tkazilayotgan fuqarolar qabullari davomida odamlarni kundalik hayotida qiynab kelayotgan aksariyat muammolar ijobiy yechimini topayapti. Bu ezgu ishlar esa aholining farovon hayotini ta’minlashga, bugungi kundan rozi bo‘lib yashashlariga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati