Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Sog‘lom yurt, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. Millat iftixori bo‘lgan yoshlarimizning har bir yutug‘i ana shu buyuk ishlarning debochasi sanaladi.
Bugun har bir soha rahbarlari yoshlarning muammolarini o‘rganib, ularning takliflarini qo‘llab-quvvatlash va iqtidorlarini namoyon etish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashlarida yaqin ko‘makchi bo‘lishayapti. Qalbi g‘ayrat-shijoatga to‘la, qo‘zlari yonib turgan, ishlayman, shu yurt taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shaman degan fidoyi va tashabbuskor yoshlarni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz. Bizga ana shunday yoshlar kerak. Chunki ulardan umidimiz katta.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasida boshqarma boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov ishtirokida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida bu alohida ta’kidlandi.
Dastlab, yosh xodimlarning erishayotgan yutuqlari, iqtidor va salohiyatlari haqida ma’lumot berildi. Dunyo bilan bo‘ylashayotganimiz, o‘zligimizni anglab, an’ana, urf-odat va qadriyatlarimizni olamga ko‘z-ko‘z etayotganimiz, barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlar yoshlar bilan chambarchas bog‘liqligi e’tirof etildi.
Uchinchi Renessans bunyodkorlariga doimo ilm-fan sirlarini o‘rganishdan to‘xtamaslik, kitobga oshno bo‘lishlik lozimligi borasida tavsiyalar berildi. Uchrashuv doirasida faol, tashabbuskor yosh xodimlar va ularning ota-onalariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, bir nafar yosh xodim rahbarlik lavozimiga tayinlandi.