Viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Rahmat Mamatovning 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Dorilomon kunlarning qadri bebaho
Vatanga fidoyilik, burchga sadoqat, yurtni sevish. Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida mehnat qilgan har bir inson nomi tarix zarvaraqlari va insonlar qalbida mangu muhrlanadi.
9-may-Xotira va qadrlash kuni. Bu bayram ardoq, e’zoz, ehtirom namunasi. Qirg‘inbarot urushning olovli jang maydonlarida vatan, el-yurt nomusi uchun jon olib, jon bergan ajdodlarimiz xotirasi dillarda mangu yashaydi. Xotira-ajdodlarga yuksak qadr va hurmat ifodasi. Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan, jangohlarda o‘z yurtining tinchligi va ozodligi, oilasi hamda farzandlarining xotirjamligi uchun kurashgan insonlar mudom xalqimiz ardog‘ida.
Aziz, yurtdoshlar!
Sizlarni ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 80 yilligi hamda “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan viloyat ichki ishlar organlari nomidan samimiy qutlayman!
Shukrki, serquyosh O‘zbekistonimizning har bir tongi nurafshon, osmonimiz musaffo. Hayotimiz tinch, tunlarimiz osuda, shahar-u qishloqlarimiz kundan-kunga obodlikka yuz tutmoqda. Dasturxonimiz to‘kin, farzandlarimiz ertasidan ko‘nglimiz to‘q, ularning sho‘x kulgisi bilan uyimiz fayzga to‘la. Keksalarimiz e’zozu-hurmatda. Xalqimiz o‘z yumushi, bunyodkorlik ishlari bilan band, ertangi kun orzusi bilan yashamoqda.
Ana shunday osoyishta, dorilmomon kunlarning qadriga yetish, Vatanni sevish, ona-yurtni asrash har birimizning muqaddas burchimizdir.
Barchangizni bugungi ulug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Har bir kunimiz serfayz va osuda bo‘lsin. Xonadoningizdan qut-baraka arimasin!
Rahmat Mamatov
Viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik