27 May 2022 yil 615

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish toʼrtinchi sessiyasida hisobot berdi

Bugun viloyat hokimligida Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish toʼrtinchi sessiyasi boʼlib oʼtdi.

Sessiyada davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 dekabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarorining viloyat uchinchi sektoridagi ijrosi yuzasidan ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi polkovik Rahmat Mamatov hisobot berdi.

– Prezident qaroriga koʼra, 2022 yil davomida viloyat uchinchi sektori hududida 53 ta obʼektni qurish, rekonstruktsiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlari olib borilishi belgilangan, – dedi R.Mamatov. – Ushbu obʼektlarni qurish uchun 273 milliard 627 million soʼm mablagʼ ajratilishi koʼzda tutilgan. Obʼektlarda ishning borishi oʼrganilganda, qurilish ishlarida buyurtmachining texnik nazorati hamda loyihachining mualliflik nazorati qoniqarsiz ahvolda ekanligi, natijada obʼektlarda qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlandi. Masalan, Past Dargʼom tumanida 23-umumiy oʼrta taʼlim maktabini mukammal taʼmirlash, Samarqand tumanidagi 27-umumiy oʼrta taʼlim maktabini rekonstruktsiya qilish ishlarida koʼplab kamchiliklar aniqlandi. Bu kabi holatlar Nurobod va Urgut tumanlaridagi maktablar qurilishida ham kuzatildi.

Deputatlar qurilish ishlarining sifatsiz bajarilayotgani va ayrim qurilish tashkilotlaridagi eʼtiborsizlik, nazoratsizlik ushbu haftada viloyat hokimligi apparat yigʼilishida ham tanqidiy muhokama etilganini taʼkidlab, mazkur holatlar yuzasidan qurilishga masʼul va nazoratchi tashkilotlar rahbarlaridan izoh soʼradilar. Bu borada nazoratni kuchaytirish va deputatlar yordamidan foydalanish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron tender savdolariga yolgʼon maʼlumotlar kiritib, gʼolib boʼlgan qurilish tashkilotlari faoliyatini oʼrganish boʼyicha vazifalar belgilandi.

Text to speech