Xalqchil hamda professional ichki ishlar idoralari shunday tuzilma boʼladi
Prezidentimiz tomonidan 20 yanvar kuni “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʼnaltirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida” Qaror imzolandi.
Аslida hujjat nomining oʼziyoq koʼp narsaga oydinlik kiritadi. Shunday boʼlsa-da, ayrim jihatlarni qayd qilish maqsadga muvofiq.
Yangiliklar koʼp
Hujjat bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlandi.
Kodeks ichki ishlar organlari xodimlarini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishishga qaratilgan.Undagi qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qoʼpol ravishda buzish xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan boʼshatishgacha boʼlgan intizomiy jazo chorasini qoʼllash uchun asos boʼladi.
Hujjat bilan shuningdek, Ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini oshirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar “yoʼl xaritasi” tasdiqlandi.
Bundan tashqari, hujjat bilan Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti toʼgʼrisidagi nizom tasdiqlandi.
Unga koʼra, boshqa vazifalar qatori inson omilini istisno etish hamda korruptsiya holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, xizmatni oʼtash qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, shaxsiy tarkib va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini zamon talablariga mos ravishda toʼliq raqamlashtirish Departament faoliyatini ustuvor yoʼnalishlari etib belgilangan.
Tartiblarda ham oʼzgarish bor
Vazirlikning ichki ishlar organlarida xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlarga nisbatan tayinlanadigan dastlabki sinov muddatini bir yil etib belgilash taklifiga rozilik berildi.
Ichki ishlar organlariga xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlar dastlabki sinov muddati davrida Kodeks qoida va talablarini buzgan holatlarda ularga biriktirilgan murabbiylar, aybdorlik darajasidan kelib chiqib, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʼlgan intizomiy jazoga tortiladi.
Joriy yil 1 sentyabrdan boshlab huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʼl-patrulь va patrulь-post xizmati boʼlinmalari xodimlarini “Fuqarolar bilan ishlash moduli” boʼyicha uzluksiz oʼqitish amaliyotini yoʼlga qoʼyish orqali ularning sohada samarali xizmat olib borishdagi shaxsiy masʼuliyati oshiriladi.
Yil yakuniga qadar mansab lavozimlarini yuqori maʼnaviy-axloqiy, ishchanlik va kasbiy sifatlarga ega boʼlgan nomzodlar bilan toʼldirishni nazarda tutgan holda, ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilishning sifat jihatidan yangi, soddalashtirilgan tartibini oʼrnatish hamda “E-nomzod” elektron axborot tizimini yaratish boʼyicha kompleks chora-tadbirlarni koʼriladi.
Jamoatchilik nazorati boʼladi
Qarorga koʼra, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boʼlinmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuziladi.
Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha boʼyicha ijtimoiy fikrni oʼrganish va tizimli monitoring olib borish;
- ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini taʼminlash choralarini koʼrish;
- ichki ishlar organlari faoliyatidagi korruptsiya holatlari boʼyicha internet va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarlarni batafsil oʼrganish va uning natijasini keng jamoatchilikka yetkazish.
Аlbatta, oʼzgarishlar, yangililiklar qisqa muddatlarda amaliyotga joriy etilib, pirovardida ichki ishlar idoralarini xalqqa eng yaqin xizmatlardan biriga aylantirishi shubhasiz.
Аzizbek OMONOV,
Samarqand shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʼi oʼrinbosari.